qutb yogʻdusi

Atmosferaning yuqori qismida, 100 km dan baland balandliklarda yuz beradigan va odatda qutb mintaqalarida kuzatiladigan nurli hodisa. U quyosh shamolining Yer atmosferasi bilan oʻzaro taʼsiri natijasidir. Quyoshdan barcha yoʻnalishlarda tarqaladigan yuqori energiyali elektr zarralari oqimining bir qismi Yerning kuchli magnit maydoni tomonidan tutib qolinadi; u himoya qalqoni vazifasini oʻtab, bu oqimni ikki magnit qutb tomon burib yuboradi. Zarralarning yuqori atmosferadagi gaz molekulalariga urilishi turli toʻlqin uzunliklarida (turli ranglarda) yorugʻlik chiqarilishiga va, natijada, qutb yogʻdularining hosil boʻlishiga olib keladi. Ularning tuslari urilgan molekulalar turiga bogʻliq. Kislorod molekulalari yashil rangli yogʻdularni hosil qiladi; azot qizil, pushti va binafsha tusdagi shuʼlalarni beradi, kamroq uchraydigan koʻk rang esa atmosferaning juda baland qismida joylashgan vodorod molekulalaridan kelib chiqadi. Yerning qaysi yarimsharida hosil boʻlishiga qarab, shimoliy yogʻdu (shimoliy yarimshar) va janubiy yogʻdu (janubiy yarimshar) farqlanadi. Yer magnitosferasida odatdagidan kuchliroq quyosh shamolining kelishi tufayli yuzaga keladigan kuchli geomagnit boʻronlar yirikroq qutb yogʻdularini keltirib chiqaradi, ularni odatdagidan pastroq kengliklarda ham kuzatish mumkin. Shimoliy yogʻdular «shimol chiroqlari» nomi bilan ham mashhur va ular haqida koʻplab afsonalar mavjud. Baʼzi Shimoliy Yevropa madaniyatlarida ularni atmosferadan yuqorida yashovchi va yangi ruhlarga yoʻl koʻrsatish uchun yonib turgan mashʼalalar bilan raqsga tushuvchi oʻlganlarning ruhlari deb hisoblashgan.