yashinqaytargich

Binoni chaqmoq urishidan himoya qiluvchi va undagi odamlarning jismoniy daxlsizligini taʼminlovchi qurilma. Yashinqaytargichlar kemalarga va turli-tuman inshootlarga (antennalar, elektr uzatish tayanchlari, shamol generatorlari...) ham oʻrnatiladi. Ularning eng keng tarqalgani uchlik effektiga asoslangan boʻlib, ixtirochisi - koʻp qirrali Benjamin Franklin (1706-1790) sharafiga Franklin yashinqaytargichi deb ham ataladi. U 1752-yil 15-iyunda Filadelfiyada (AQSh) oʻtkazgan mashhur varrak tajribasi tufayli chaqmoqlar elektr razryadlari ekanini isbotlagan. Keyingi yili (1753) u ushbu qurilmani ixtiro qilgan. Anʼanaviy yashinqaytargich binolarning eng baland nuqtasiga oʻrnatiladi va bir yoki bir nechta ruxlangan poʻlat metall sterjenlardan iborat boʻlib, ular chaqmoq urganda hosil boʻladigan yuqori haroratlarga chidamli volfram uchlik bilan tugaydi. Ushbu uchlikdagi havoning ionlanishi momaqaldiroq bulutlaridan keladigan chaqmoq uchun yoʻl ochadi. Boshqa uchi esa past qarshilikli metall oʻtkazgichlar orqali yerga ulanadi. Shu tariqa chaqmoq sterjenga urilganda u tezda yerga uzatiladi va razryad bino konstruksiyasiga zarar yetkazishining oldi olinadi. Baʼzi yashinqaytargichlar - ular ham uchlik effektiga asoslangan - qurilma atrofidagi havoni yanada ionlashtirish maqsadida ozgina radioaktiv izotop saqlovchi oʻziga xos halqa bilan toj qilinadi. Shuningdek, binolarni butunlay qoplaydigan yerga ulangan metall toʻrdan iborat - Faradey qafasi fizik tamoyiliga asoslangan - toʻrsimon yashinqaytargichlar ham mavjud. Metall karkasli zamonaviy bino ham xuddi shu vazifani bajaradi, shu sababli chaqmoqning unga kirib, ichkarida zarar yetkazishi ehtimoli deyarli nolga tushadi.

Bog‘liq atamalar: chaqmoq