shamollar guli
Meteorologik stansiya yoki observatoriyada maʼlum vaqt davomida oʻlchangan turli shamol yoʻnalishlarining nisbiy chastotalari tasvirlangan yulduzsimon diagramma. Yoʻnalishlar boʻyicha guruhlangan turli tezlik oraliqlarining chastotalarini ham tasvirlash mumkin. Shtil (shamolsizlik) holatlariga toʻgʻri keladigan foiz gulning markazida chizilgan doirada koʻrsatiladi. Shamol asboblar yordamida oʻlchana boshlanishidan ancha oldin, asosan dengizchilarga dengizda yoʻnalishni aniqlashda yordam berish uchun moʻljallangan, asosiy shamollar rumblari koʻrsatilgan birinchi shamollar gullari yaratilgan. Qadimiy shamollar gullari turli madaniyatlarda uchraydi va vaqt oʻtishi bilan murakkablashib borgan. Klassik antik davrda yunon shoiri Gomer (mil. av. VIII asr) Odisseya asarida toʻrt asosiy dunyo tomoniga koʻra joylashtirilgan toʻrt asosiy shamol (Borey, Evr, Not va Zefir) gulini eslatib oʻtadi. Faylasuf Aristotel (mil. av. IV asr) 8 rumbli gulni, Timosfen (mil. av. III asr) 12 rumbli gulni, rimlik meʼmor Vitruviy (mil. av. I asr) esa 24 rumbli gulni yaratgan. Bugungi kunda qoʻllaniladigan 32 rumbli gul birinchi marta mayorkalik geograf va kartograf Avraam Kreskesga (XIV asr) nisbat beriladigan oʻrta asr dunyo xaritasida tasvirlangan, garchi baʼzi manbalar uning ixtirosini yana bir mayorkalik Ramon Lulliyga (taxm. 1232-1315 yoki 1316) nisbat bersa-da. Yuqorida aytilgan 32 rumbli shamollar guli 8 ta asosiy shamolni (toʻrttasi asosiy dunyo tomonlarini belgilaydi, yana toʻrttasi yon shamollar), 8 ta yarim shamolni (kollateral) va 16 ta chorak shamolni (kvartalar) oʻz ichiga oladi.
Bog‘liq atamalar: Shamol yoʻnalishi