gloriya
Kuzatuvchi oʻz soyasi faqat mayda suv tomchilaridan iborat bulutga tushganda uning atrofida koʻrishi mumkin boʻlgan bir yoki bir necha qator kamalaksimon (iridessent) halqalardan iborat atmosfera optik hodisasi. Baʼzan uni qor va shudring ustida ham kuzatish mumkin. U tushayotgan yorugʻlikning tomchilarda orqaga sochilishi natijasi boʻlib, bunda yorugʻlikning qaytishi, sinishi va difraksiyasi birgalikda namoyon boʻladi. Gloriyaning burchak diametri - kamalaknikidan ancha kichik - tomchilar diametriga teskari proporsionaldir. Tomchilar oʻlchamlarining koʻproq yoki kamroq bir xilligi bitta yoki bir necha qator halqalarni koʻrishimizni belgilaydi. Yorugʻlik soya hosil qiluvchi jism chetlarida difraksiyalanganda yuz beradigan interferensiya hodisalari alohida yorugʻlik chiziqlarining paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Gloriyani kuzatishimiz mumkin boʻlgan vaziyatlardan biri - samolyot bulutlar dengizi ustidan uchayotganda unda sayohat qilish. Agar samolyot soyasi shu bulut qatlamiga tushsa, uning atrofida gloriyani koʻrish imkoniyatimiz katta boʻladi. Bu hodisa uni birinchi boʻlib ilmiy tavsiflagan ispan dengizchisi Antonio de Ulloa (1716-1795) sharafiga Ulloa halqasi, doirasi, toji yoki galosi deb ham ataladi. U antiquyosh nuqtasida markazlashgani sababli antgeliy deb ham yuritiladi.