Lixtenberg figuralari

Chaqmoq urgan ayrim odamlarning terisida tatuirovka kabi bir necha soat yoki kun davomida paydo boʻladigan shoxlangan shakllar. Bu izlar elektr razryadining teri boʻylab oʻtgan yoʻlini aks ettiradi. Ularning qizgʻish rangi elektr tokining oʻtishi va u keltirib chiqaradigan keskin qizish natijasida mayda yuzaki qon tomirlarining yorilishi bilan bogʻliq. Bu daraxtsimon figuralar oʻz nomini nemis fizigi va yozuvchisi Georg Kristof Lixtenberg (1742-1799) sharafiga olgan, u ularni birinchi boʻlib elektr zaryadlangan plastinkalarda kuzatgan. Ularga choʻkkan chang figuralarni hosil qilgan. Ushbu fraktal geometriyali naqsh izolyatsion materiallar yuzasida ham, ichida ham, ular orqali maʼlum kuchdagi elektr toki oʻtganda paydo boʻladi.